Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People – IBBY) tashabbusi bilan 1967-yildan buyon har yili 2-aprelda Xans Kristian Andersenning tug‘ilgan kunida bolalarda kitob o‘qishga mehr uyg‘otish va e’tiborni jalb qilish maqsadida Xalqaro bolalar kitobi kuni nishonlanadi.
Ma’lumot uchun: IBBY 1953-yilda Tsyurixda (Shveytsariya) YUNESKOning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. IBBY Nizomiga muvofiq har bir davlatda Milliy shoʻba tashkil etilishi mumkin, uning asosiy maqsadi bolalar va yoshlar uchun milliy adabiyotni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirishga koʻmaklashish maqsadida ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishdan iborat.
2022-yil yanvar oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida IBBYda Oʻzbekiston Respublikasining Milliy shoʻbasi tashkil etildi.
IBBY Milliy shoʻbalari Xalqaro bolalar kitobi kunining xalqaro tashkilotchisi (homiysi) bo‘lish imkoniyatiga ega. Tashkilotchi Davlat – IBBY ijroiya qo‘mitasi tomonidan tanlov asosida aniqlanadi. Tashkilotchi mavzuni belgilash, butun dunyo bolalariga Xabar yozish uchun mezbon mamlakatning taniqli muallifini va maxsus afishani loyihalash uchun taniqli rassomni taklif qilish huquqiga ega boʻladi. Ushbu materiallar kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun foydalaniladi.
2022-yilgi Xalqaro bolalar kitobi kuni tashkilotchisi – IBBY Canada Milliy shoʻbasi hisoblanadi. Canada Milliy shoʻbasi 1960-yilda tashkil etilgan. Kotibiyat Torontoda joylashgan. Shoʻba raisi – Patti Mclntosh xonim.