Bundan roppa-rosa o‘ttiz uch yil muqaddam O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. O‘tgan davrda xalqimiz qancha sinovlarni boshidan o‘tkazdi, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni birgalikda yengdi. O‘zbekiston o‘z suvereniteti, davlat mustaqilligiga osonlik bilan erishgani yo‘q. Bu yo‘lda ajdodlarimizning siyosiy va ma’rifiy intilishlari so‘nggi bir yarim asr davomida deyarli to‘xtamadi. Hurriyat uchun kurashgan ko‘plab Vatan fidoyilari qatag‘on etildi, istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi. O‘ttiz ikki yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi.Bugun xalqimiz ulug‘ maqsadlar bilan Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘ymoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu muhtasham yo‘l xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda. Yurtimiz tinchligi va daxlsizligi, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik hamda hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi demokratik islohotlar dunyo hamjamiyatining ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Vatanimizning tarixini aks ettirish maqsadida, A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo’lsak -yagona xalqmiz, birlashsak-Vatanimiz” nomli ko’rgazma tashkil qilindi.