“Al-Jomeʼ as-sahih” hadis toʻplami 97 ta kitob va 3881 ta bobdan iborat boʻlib, undagi barcha hadislar soni, takroriylari bilan qoʻshib hisoblaganda 7563 tadir. Kitobning hoshiyasidagi muallaq hadislar 1391 ta, biror hadisga tobeʼ boʻlib kelgan hadislar 344 ta va bu kitobdagi barcha hadislar adadi 9082 taga yetadi. Imom Buxoriy bu hadislarni olti yuz ming hadis orasidan eng-eng sahihlarini ajratib olgan.

📌Imom Buxoriy nazdida esa hadislar sahihlik darajasiga yetishi uchun oʻn ikkita sharti mavjud boʻlgan. Ular quyidagilar:

  1. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shaharda zamondosh boʻlishi, agar bir shaharda zamondosh boʻlib istiqomat qilmagan boʻlsa hadis muttasil sanad deb qaralmagan.
  2. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta boʻlsa ham uchrashgan boʻlishi, agar bir shaharda istiqomat qilib uchrashmagan boʻlsa ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.
  3. Roviy (hadis rivoyat qiluvchi shaxs) hadisni oʻziga yetkazuvchi roviydan ijozatan yuzma-yuz holatda ogʻzaki (rivoyatan) yoki yozma ravishda (diroyatan) olgan boʻlishi (bu uch (1-3) shart “sanadning koʻrish, eshitish va oʻqish orqali bogʻlanishi” zamirida turadi).
  4. Roviy musulmon boʻlishi, dinsiz va gʻayridin kishidan hadis qabul qilinmagan.
  5. Roviy balogʻatga yetgan boʻlishi, yaʼni hadisni yod olib boshqalarga yetkazishda masʼuliyatni anglab yetadigan yoshda boʻlishi.
  6. Roviy aqlli boʻlishi, aqli zaifdan hadis rivoyat qilinmaydi.
  7. Roviy fosiq boʻlmasligi, fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.
  8. Roviylarning eng ishonchlisi, rostgoʻyi, odamiyligi (bu beshta (4-8) shartlar “roviyning din va dunyo ishlarida odil boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  9. Roviy xotirasining kuchli boʻlishi, yaʼni eshitgan hadisini asl holida yod olib qolmogʻi.
  10. Roviy xotirasi sust boʻlsa eshitganini yodlab yozib qoʻygan boʻlishi (bu ikki shart (9-10) “hadis sanadidagi roviylar xotirasini mukammal boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  11. Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli boʻlishi (bu 11-shart “hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  12. Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlishi (bu 12-shart “hadis oʻz matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlmogʻi” shartining zamirida turadi).