Markaziy harbiy okrugning Ma’naviyat va ma’rifat markazida A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlkda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovining okrug bosqichi oʻtkazildi.

Mazkur tanlov yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosini oʻrganish, kitob mutolaasiga qiziqtirish hamda ularning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “Badiiy asardan parcha” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Jarayonlarni Markaziy harbiy okrug Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi mutaxassislari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʻlimi xodimlari, Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilari hamda A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi mutaxassislari ishtirokidagi hakamlar hayʼati baholab bordi.

Yakuniy natijalariga koʻra, Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qismdan ishtirok etgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Do‘stnazar Bobomurodov mutlaq g‘olib deb topildi va Mudofaa vazirligi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.