Sayyora Sharafovna Rashidova 1943-yil 2-avgustda OʻzSSR Jizzax shahrida Oʻzbekistonning atoqli davlat arbobi va yozuvchisi Sharof Rashidov oilasida tugʻilgan.

1960-yilda Toshkent shahridagi 43-sonli oʻrta maktabni tugatgach, Moskva davlat universitetining kimyo fakultetiga oʻqishga kirdi. Universitetni tamomlagach, SSR Fanlar akademiyasi A. V. Topchiyev nomidagi Neft-kimyo sintezi institutida ilmiy stajyor lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Kimyo institutining kunduzgi boʻlimida aspiranturada oʻqigan, 1971-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgandan soʻng Kimyo institutida kichik ilmiy xodim lavozimida ish boshlagan. 1979-yildan polimerlar kimyosi kafedrasi mudiri, 1981-yildan Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori.

Hozirda S. Sh. Rashidova Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori, professor boʻlib, 20 dan ortiq fan doktorlari va nomzodlarini tayyorlagan, 300 ga yaqin ilmiy nashrlari, bir qator monografiyalari hamda 20 ta mualliflik guvohnomalari mavjud.

„Olima“ olima ayollar uyushmasi prezidenti sifatida respublika jamoat hayotida faol ishtirok etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi (1995—1999) va ikkinchi (2000—2004) chaqiriqlarida deputat etib saylangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan birinchi chaqiriq sessiyasida S.Rashidova Inson huquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman) etib saylandi. U bu lavozimda oʻn yil xizmat qildi.