Markaziy harbiy okrugning Ma’naviyat va marifat markazida A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilarni jahon tarixida o’chmas iz qoldirgan betakror siymo, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi, milliy madaniyatimiz va xalqimizning adabiy-estetik tafakkuri shakllanishi hamda ilmi-fani va davlatchiligi tarixini o’rganishga yo’naltirilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” nomli tanlovning okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tanlovda okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardagi harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan 15 ta jamoa vakillari ishtirok etishdi.

Tanlov uchta shart bo’yicha:

1 – shart. “Zahiriddin Muhammad Bobur – o’zbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyondasi”,

2 – shart “Zahiriddin Muhammad Bobur mohir va iste’dodli sarkarda”,

3 – shart “Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondagi Boburiylar imperiyasi asoschisi” deb nomlandi.

Ushbu shartlarda ishtirokchilarni odilona, shaffof baholash uchun O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Nuroniy jamg’armasi Samarqand shahar bo’limi vakillari, O’zbekiston Finlandiya pedagogika instituti professorlari hamda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari hakamlik qilishdi.

Qizg’in va bahs-munozaraga boy o’tgan tanlov davomida harbiy xizmatchilik buyuk ajdodizning boy tarixini nechog‘lik bilishlarini amalda namoyon etib vazirlik bosqichi uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Yakunda g’oliblarga okrug qo‘mondonligining diplom hamda esdalik sovg’alari topshirildi.