Har yili Mudofaa vazirligi tizimida an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan «Eng yaxshi kitobxon oila» ko‘rik-tanlovi harbiy oilalarning adabiyotga, kitobga mehrini, qiziqishni oshirishda hamda oilalalarda ahillik va birdamlik muhitini yaratishda muhim ro‘l o‘ynab kelmoqda.

Joriy yilning 23-sentabr kuni Markaziy harbiy okrugining Ma’naviyat va marifat markazida ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiluvchi xayrli tadbirning okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda okrug tasarrufidagi barcha garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalaridan 11 ta bir-biridan zukko va bilimdon oilalar uchta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlarni adabiyotshunos, yozuvchi va kutubxona mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Dastlabki shart tanishtiruv deb nomlandi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini turli badiiy ko‘rinishdagi sahna chiqishlar orqali, ya’ni qaysidir oila she’riy, yana qaysidir oila esa musiqali tarzda tanishtirdilar. Har bir oilaning bellashuvga katta tayyorgarlik ko‘rgani ushbu dastlabki shartdayoq yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ikkinchi shart ya’ni “Biz kitobxon oilamiz” sharti tanlovning yanada qiziqarli bo‘ldi. Shartda ishtirokchilar o‘zlari sevib mutolaa qiladigan shoir va adiblar ijodidan she’r, monolog, g‘azallar ijro etib, badiiy chiqishlarni obrazga kirib, kimdir oilaviy yana kimdir yakka tartibda mahoratlarini namoyon etishdi.

Uchinchi shartda esa ishtirokchilarga buyuk mutafakkirlar, o‘zbek va jahon adabiyotining yirik namoyondalari asarlari bo‘yicha savollar berildi. Shu orqali ishtirokchilarning o‘zbek va jahon adabiyotining qanchalik bilimdoni ekanliklari sinovdan o‘tkazildi.

Tanlov yakunida, g‘olib va sovrindorlar okrug qo‘mondonligining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.