2021-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Respublika oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda ZOOM platformasi orqali Hududiy VAKM hamda TAKM lar bilan “Kitobxon onalar” tadbiri doirasida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy, badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yetakchi mutaxassisi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulchehra Shahobiddin olib bordi va qadim tarixga ega bo‘lgan, tabiat uyg‘onishi ramzi, yangilanish, yosharish fasli hisoblanmish Navro‘z bayrami bugungi kunda yangicha tus olayotganini, xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analarimiz, turfa marosimlar tiklanib ularni yosh avlodga yetkazib berishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilganlarni Navro‘z ayyomi bilan qutlar ekan, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Guljamol Asqarova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adiba Shahodat Isaxonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulbahor Jumayeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Malohat Mirzayevalar Navro‘z milliy bayramining qadim tarixi, milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq jihatlari, madaniy-ma’rifiy hayotimizda tutgan o‘rni, unig o‘ziga xosligi haqida gapirdilar. Shuningdek, bu ayyomda tabiatning uyg‘onishi, bahorning faslining kelishi, bayram tantanalari, xalq sayllari, bayram toamlari tayyorlanish jarayoni, xalq musobaqalari va boshqa ko‘plab udum va an’analar hozirgi kunda ham davom etayotgani aytildi.
Tadbirda Zoom platformasi orqali ishtirok etgan Urganch shahar “Ijodkor ayollar” guruhi raisi, shoira Qurbonbika O‘rozmetova “Navro‘z tarixi va rivoyatlari” ma’ruzasida Navro‘z umumxalq bayramining paydo bo‘lishi tarixi, Navro‘z taomlarini pishirish chog‘ida o‘tkazilgan sayillar, otchopar, uloq, kurash singari xalq o‘yinlari, bahor haqida qo‘shiqlar, dostonlar kuylanganini aytib o‘tdi. Namangan shahar ijodkor ayollari O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoira O‘ktamoy Xoldarova hamda Ruqiya G‘oziyevalar ishtirokchilar e’tiboriga bahor, yangilanish, va yosharish faslini tarannum etuvchi Navro‘z mushoirasini havola etdilar.
Mirzo Ulug‘bek tumani mahallalari hamda Samarqand shahar Markaziy harbiy okrugi kitobxon faollari o‘qigan kitoblaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Bayram tadbirga O‘zbekiston Davlat filarmoniyasininig “Navro‘z” ashula va raqs ansanbli xonandasi Ozoda Yorova , Qarshi shahar madaniyat markazi qoshida tashkil etilgan “Nasaf” etnografik xalq ansambli hamda “Tarona” fol’klor jamoasi ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga bahoriy kayfiyat ulashdi.